Institut haqida

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti O‘zbekiston Republikasi  birinchi Prezidenti I.A.Karimovning 1997-yil 23-yanvardagi “O‘zbekiston Badiiy Akademiyasini tashkil etish to’g’risida”gi Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 131-sonli Qaroriga asosan, 1954-yilda Toshkent teatr va rassomlik san’ati instituti qoshida ochilgan rassomlik fakulteti negizida tashkil topdi. 

Ushbu ta’lim maskanida mavjud badiiy ta’limning tarixi yirik san’atkorlarning avlodlari faoliyatlari bilan bog‘liq. Ular: R.Ahmedov, O.Totevosyan, V.Urmanchi, A.Goldrey, M.Saidov, N.Qo‘ziboev, S.Abdullaev (Rangtasvir kafedrasi), V.Rivtin, T.Rishetnikov, G.Brim, E.Qalantarov (Teatr-dekoratsiya rangtasviri  kafedrasi), T.Oganesov, N.Pak, I.Limakov, I.Rubin, V. Kovinin, V.Nechaev, N.Shin, I.Enin (Chizma tasvir kafedrasi), Ch.Ahmarov, V.Jmakin, V.Sosedov, (Mahobatli rangtasvir kafedrasi), I.Yurovskiy, V.Parshin, D.Afuksinidi, K.Basharov, A.Egamov (Grafika kafedrasi), I.Grishenko, K.Salohiddinov, A.Boymatov, A.Ahmedov, Y.Aravoy, S.Bondareva, N.Aucheva (Haykaltaroshlik va badiiy kulolchilik kafedrasi), R.Rempel, L.Shostko, R.Taktash, V.Lakovskaya, R.Tagirova, I.Bulkina (Tasviriy san’at tarixi va nazariyasi kafedrasi) va boshqalar.

Ushbu oliy ta’lim muassasasi jahonning eng ilg‘or ta’lim shakllarini mujassam etgan mukammal maktab sifatida  faoliyat yuritib kelmoqda. Shuningdek, xorijiy oliy o‘quv yutrlari bilan o‘zaro hamkorlik va tajriba almashish haqida imzolangan shartnomalar doirasida xalqaro aloqalar ham rivojlanmoqda.
O’tgan qisqa vaqt oralig’ida institutda qator yangi yo’nalishlar shakllanib, o’z an’analariga ega bo’ldi. Dastlab “Rangtasvir”, “Amaliy san’at, “Grafika” ta’limi yo’nalishi bo’yicha ixtisos kadrlar tayyorlangan bo’lsa, keyinchalik, “San’atshunoslik”, 1997-yildan “Dizayn”, 2001-yildan “Kasbiy ta’lim (Professional ta’lim)” yo’nalishlari bo’yicha bakalavriat bosqichida mutaxassis kadrlar tayyorlandi. 1999-yildan magistratura bosqichida mutaxassis kadrlar qabul qilinishi yo’lga qo’yilib, 2002-yildan oliy malakali ilmiy, ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash maqsadida Aspirantura bo’limi, 2010-yildan Katta ilmiy xodim-izlanuvchi va mustaqil izlanuvchilar instituti tashkil etildi.

Hozirda institut talabalarining umumiy kontingenti 2500 nafarni tashkil etmoqda. Bugungi kunda oliygohda 300 dan ortiq professor-o’qituvchilar talabalarga ta’lim  berib kelmoqdalar. Ular orasida O’zbekiston Badiiy Akademiyasining akademiklari, O’zbekiston xalq rassomlari, O’zbekiston Respublikasi san’at arboblari hamda davlatimizning oliy mukofotlari bilan taqdirlanganlar ko’pchilikni tashkil etadi. Ta’lim muassasasida realistik maktab an’analarini rivojlantirish va o’ziga xoslikni saqlab qolish maqsadida professor-o’qituvchilar tomonidan mahorat darslari (“Master klasslar”) tashkil etiladi. So’nggi yillarda professor-o’qituvchilar tomonidan o’quv-uslubiy qo’llanmalar, darslik va qo’llanmalarning yangi avlodi, katalog, multimediyalar hamda boshqa axborot resurslari yaratilmoqda.

Oliygohda yuqori organ sifatida Ilmiy Kengash doimiy faoliyat ko’rsatadi hamda o’quv jarayonini, ta’lim va tarbiya masalalarini yanada takomillashtirish, kafedra va fakultetlarning ilmiy, ijodiy faoliyatini, huquqiy-normativ hujjatlar bilan ishlash jarayonini muvofiqlashtiradi. Ilmiy Kengash tarkibi rektor va prorektorlar, professorlar, O’zbekiston Badiiy Akademiyasi akademiklari, O’zbekiston xalq rassomlari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, yetakchi mutaxassislar va jamoat kengashi a’zolaridan iborat.

Institutda Rossiya, Tojikiston, Qozog’iston, Turkmaniston, Qirg’iziston, Xitoy, Janubiy Koreya kabi davlatlar fuqarolari tahsil olmoqdalar. Dunyoning qator davlatlari (Janubiy Koreya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Singapur, Xitoy, Germaniya, Ozarbayjon, Latviya, Rossiya, Qozog’iston) oliygohlari bilan imzolangan memorandumlar asosida hamkorlik aloqalari olib borilmoqda. Xususan, professor-o’qituvchilar va talabalar almashinuvi amalga oshirilmoqda. Shuningdek, institutning qator professor-o’qituvchilari dunyoning ko‘plab mamlakatlari oliygohlarida mahorat darslarini o’tib kelmoqdalar, malaka oshirmoqdalar, shaxsiy ko’rgazmalarini tashkil qilmoqdalar. Shu bilan bir qatorda ko’plab mamlakatlarning yuqori malakali mutaxassislari institutda mahorat darslarini o’tishi an’anaga aylangan.

Muhimi, ushbu davrga kelib, mamlakatimiz rangtasviri jahondagi eng ilg’or mamlakatlar qatoridan o’rin egallab, uning  ko’plab namoyondalari o’z asarlari bilan dunyodagi nozikta’b ixlosmandlar tiliga tushdi. Institut talabalari turli xalqaro va respublika miqyosida o’tkazilayotgan festivallarda, tanlov-ko’rgazmalarda, fan olimpiadalarida muntazam  ishtirok etib, yuqori o’rinlarni egallab kelmoqdalar. Ular orasida “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari, “Mard o’g’lon” nomidagi Davlat mukofoti sohiblari, Prezident va nomdor stipendiyalar sohiblari, “O’zbekiston belgisi” ko’krak nishoni egalari, “Yil talabasi” ko’rik tanlovlarlari g’oliblarini alohida ta’kidlab o’tish lozim.

 

MRDI Logo MRDI