“Kelajakka qadam” markazi faoliyatini tashkil etish tartibi
- “Kelajakka qadam” markazi faoliyatini tashkil etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2025-yil 14-fevraldagi PQ-61-son qaroriga muvofiq yoshlarning bandligini ta’minlash, oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining mehnat bozoriga integratsiyasini kuchaytirish maqsadida amalga oshiriladigan “Kelajakka qadam” dasturi doirasida faoliyat yuritadigan “Kelajakka qadam” markazi maqomini, asosiy vazifalari va funksiyalarini, huquqlarini tartibga soladi, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
- “Kelajakka qadam” markazi O‘zbekiston Respublikasining barcha oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchi talabalarining ishga joylashishiga ko‘maklashadi va bu borada O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, oliy ta’lim tashkilotlari bilan bo‘sh ish o‘rinlariga bitiruvchi talabalarni ishga joylashga ko‘maklashish bo‘yicha hamkorlik qiladi.
- “Kelajakka qadam” markazi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatasining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, “O‘zmilliybank” AJning buyruq va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Tartibga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
- “Kelajakka qadam” markazi o‘z faoliyatida bevosita “O‘zmilliybank” AJga bo‘ysunadi va unga hisobot beradi. “O‘zmilliybank” AJ tomonidan bitiruvchi bosqich talabalariga o‘qishni tamomlagandan so‘ng bir yil davomida “Kelajakka qadam” dasturi xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi.
- “Kelajakka qadam”dasturi uch turdagi paketlarni bitiruvchilarga taqdim etadi. “Kelajakka birinchi qadam” – ijtimoiy soliq to‘lab, o‘zini-o‘zi band qilgan bitiruvchilar uchun. Bunda bitiruvchi 10 mln. so‘mgacha Kredit mablag‘ olish imkoniga ega. Kreditning foiz stavkasi 21 % ni tashkil etadi. Kridit to‘lash muddati 18 oygacha va imtiyozli davri 3 oygacha davom etadi. Sug‘urta polisi uchun to‘lov kredit summasidan chegirib qolinadi. “Kelajak uchun start” – Yakka tartibdagi tadbirkorlar yoki yuridik shaxs tashkil etgan bitiruvchilar uchun. Bunda bitiruvchi 300 mln. so‘mgacha Kredit mablag‘ olish imkoniga ega. Markaziy bankning asosiy kredit stavkasi + 4 % ni tashkil etadi. Kreditni to‘lash muddati 7 yilgacha (Aylanma mablag‘lar uchun 36 oygacha), imtiyozli davri 2 yilgacha (Aylanma mablag‘lar uchun 6 oygacha) davom etadi. “Kelajak uchun start” paketi doirasida kredit oluvchi direktor yoki ta’sischi bo‘lishi talab etiladi. Garov ta’minoti talab etiladi (50 mln. so‘mgacha – sug‘urta polisi asosida). Kredit oluvchi salbiy kredit tarixiga ega bo‘lmasligi kerak. Muddati o‘tgan qarzdorligi bo‘lmasligi talab etiladi. “Yorqin kelajak sari” – Yakka tartibdagi tadbirkorlar yoki yuridik shaxs tashkil etgan bitiruvchilar uchun. Bunda bitiruvchi 1 mlrd. so‘mgacha Kredit mablag‘ olish imkoniga ega. Markaziy bankning asosiy kredit stavkasi + 4 % ni tashkil etadi. Kredit muddati 7 yilgacha (Aylanma mablag‘lar uchun 36 oygacha), imtiyozli davri 2 yilgacha (Aylanma mablag‘lar uchun 6 oygacha) davom etadi. “Yorqin kelajak sari” paketi doirasida kredit oluvchi direktor yoki ta’sischi bo‘lishi talab etiladi. Garov ta’minoti ham talab etiladi. Kredit oluvchi bitiruvchi kamida 4 ta ish o‘rni yaratishi zarur. Kredit oluvchi salbiy kredit tarixiga ega bo‘lmasligi kerak. Muddati o‘tgan qarzdorligi bo‘lmasligi ham talab etiladi.
- Oliy ta’lim tashkilotini bitiruvchisi yuqorida nomlari keltirilgan paketlardan foydalanishi uchun u talaba bitiruvchi bosqich talabasi bo‘lishi yoki bitirganiga bir yildan oshmagan oliy ta’lim tashkiloti bitiruvchisi bo‘lishi kerak. Talabada tayyor biznes g‘oya bo‘lishi kerak. Oliy ta’lim tashkiloti rahbarining talabaga berilgan tavsifnomasi bo‘lishi kerak.
- Talabalar o‘z biznes loyihalari va ishga joylashish masalalari bo‘yicha savollariga batafsil javoblarni oliy ta’lim tashkiloti Talabalar amaliyoti bo‘limi qoshida tashkil etilgan “Karyera markazi” yoki hududiy “Kelajakka qadam” markazlariga (masalan, O‘zmilliybank huzuridagi markazlarga) murojaat qilish orqali ham javob olishi mumkin (nbu.uz , 1344 , (78)148 00 10, (78) 147-15-04).