Bugun institutimizga Xitoy Xalq Respublikasining Xubey tasviriy san’at akademiyasi delegatsiyasi tashrif buyurdi. Mehmonlarni institutimizning O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Jamshid Rashidov hamda Tasviriy san’at fakulteti dekani Shixnazar Jumaniyazov kutib oldi.
Delegatsiya tarkibidan Xubey tasviriy san’at akademiyasi Rangtasvir fakulteti dekani, professor Xu Wentao, Haykaltaroshlik va ommaviy san’at fakulteti dotsenti Wan Lichi, magistrantlarning ilmiy rahbari Liu Bin, Xitoy Markaziy tasviriy san’at akademiyasi doktori Li Fei hamda Sanoat dizayni fakulteti o‘qituvchisi Qiu Qilar o'rin olgan bo'lib, tashrif davomida mehmonlarga institut ko'rgazmalar zali va unda namoyish etilayotgan ijodiy ishlar namoyishi bilan tanishtirildi.
Shuningdek, Tasviriy san’at fakultetining rangtasvir va haykaltaroshlik ustaxonalari, miniatyura va kitob grafikasi, multiplikatsiya hamda teatr bezagi yo‘nalishlaridagi o'quv jarayoni va talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrif doirasida institutimiz rahbariyati va mehmonlar o‘rtasida uchrashuv tashkil etilib, unda kelgusida qo‘shma ko‘rgazmalar, ilmiy konferensiyalar va xalqaro tadbirlar tashkil etish, shuningdek, talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish istiqbollari muhokama qilindi.
Mazkur tashrif institutimiz xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, xorijiy san’at va dizayn oliy ta’lim muassasalari bilan akademik hamda ijodiy hamkorlikni kengaytirish, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida tajriba almashish va qo'shma loyihalarni tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etdi.