Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamda “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali hamkorligida tashkil etilgan konferensiyaning ochilish marosimida institut rektori Omonulla Salixov hamda O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi maslahatchisi Azer Handamov so‘zga chiqib, ishtirokchilarni qutladilar va konferensiyaning ilmiy-madaniy ahamiyatini ta’kidladilar.
Konferensiyaning asosiy ma’ruzalar qismi institutning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Dilafruz Qurbonova moderatorligida o‘tkazilib, unda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya kabi turkiy davlatlardan, shuningdek, Fransiya hamda Xitoy Xalq Respublikasidan soha mutaxassislari va olimlar ishtirok etdilar.
Ma’ruzalar davomida O‘zbekiston an’anaviy to‘qimachilik san’ati, Ozarbayjon amaliy-bezak san’atining qayta tiklanishi, qozoq naqshlarining ramziy mazmuni, Buyuk Ipak yo‘li madaniy makonida zargarlik san’ati, badiiy ta’limda amaliy bezak san’ati, Markaziy Osiyo moda sanoatida an’analar va zamonaviy tendensiyalar, shuningdek, qirg‘iz va qozoq xalqlarining milliy madaniy merosiga oid mavzular muhokama qilindi.
Dastur doirasida ishtirokchilar institut ko‘rgazmalar zalida tashkil etilgan “Moviyga parvoz” ko‘rgazmasi bilan ham tanishdilar.Konferensiya mazmunli ilmiy muloqot, xalqaro tajriba almashinuvi va turkiy xalqlarning mushtarak madaniy merosini o‘rganish uchun muhim maydon bo‘ldi.